Gullar bilan sirlashgan shoira
Aziza Rishtondagi Usmonobod qishlog’ida tug’ilib o’sdi va shu aziz go’shada ijod nafasini tuydi.
U o’z ustida ko’p ishlaydigan ijodkor.Maktab davridayoq tuman xalq ta’limi qoshidagi iqtidorli yoshlarni boshini jam qilgan “Istiqlol chechaklari” adabiy to’garagida faol qatnashib, ijodini ancha pishitgan.
Hozirda u talaba-Farg’ona Davlat universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsil olmoqda.Shuningdek, u O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg’ona viloyat bo’limida “Badiiy adabiyot” to’garagi mashg’ulotlarining ham eng faol ishtirokchilaridan.
Inson yaralibdiki, u komillikka intiladi.Kamolotning birinchi sharti ezgulikdir. Insonning fikri ham, so’zi va amali ham ezgulikka intilsa, uning kamoloti to’g’ri o’zanda bo’ladi.
Azizaning she’rlaridagi “men” hammaning “men”idir.Bunga sabab Azizadagi hammaga hamfikrlik, hamdardlikdir.
Albatta, bu yosh ijodkor she’riyatiga yuqori talablarni qo’yishga erta.Lekin “kuzga bo’ysunmagam maysa”ning kelajagi katta umid uyg’otadi.Chunki, u “eng baland ustunga nafsini osib” qo’ygan.
B ezgulik va kamolot yo’lida qo’yilgan kichik qalbning katta qadamidir.
Bu yosh qalamkashga teran fikr, yorqin so’z hamda dilkash ohanglar tilaymiz.
X.Sharafiiddinov,
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
(“Bir gul tarixi” she’riy toplamidan.2003.Farg’ona)
Tug’yon
Onajon! Tong otdi yurtimda mening,
Subhidam chog’ida yuvay yuzimni.
Har kimga ham nasib bo’lmagan bu kun,
Pichirlaysiz nega-Asra qizimni!
Bilaman, o’tmishda bo’lib qatog’on,
Ne-ne chinorlarning qaddi egilgan.
El-yurtim deb yongan o’g’il-qizlari
Chor mo’ychinagida asta terilgan.
Farzandi bo’lmayin o’ziga xoqon.
O’zbekning ko’kragi oftob ko’rmadi.
Bolasi kitobmas, ko’rdi paxtani,
Nechun savodi yo’q, birov so’rmadi.
Kecha kitobdan chetga surilgan avlod,
Bugun qora ishga ko’nikdi, nahot!
Ular chetga ketar mardikor bolib,
Qalbida iztirob,ruh chekar faryod:
-Ox, bolam, -der ota, -yashadik qanday?!
O’z orzumizga ega chiqmadik.
Roziman.Sen uchun bo’layin qurbon,
Bolajonim, o’qi, sen bor cho’kmadik.
Bu davlat seniki, orzu seniki.
O’qi, boshlansin yangi bir hayot!
Ulkan maqsad ila, yasha! Ilm ol,
Yuksalsin davlatim! Ilmda najot!
Otaning tilagi, ona duosi,
Kuch berar qalbiga har bir farzandning.
Ko’zi yongan mag’rur, ilmli yoshlar
Tengsiz boyligidir ozod davlatning.
Onajon! Tong otdi yurtimda mening,
Duoga keng oching endi qo’lingiz.
Atrofga boqingiz yana bir bora,
Baxtdan balqigandir o’ngi-so’lingiz!
Ortda qolmish Ona! O’sha qora tun,
Mening bu quyoshim also botmaydi.
Ko’chamizda bayram bizning ham endi,
Bo’yin egib hech kim toshday qotmaydi.
Dilda tuyib iymon boqdik dunyoga,
Quchog’in keng ochdi bizlarga olam.
O’zligimiz qaytib O’zbeklar bo’ldik.
Baxtliman, tan oldi butun dunyo ham !
Ilm olay, o’say oliygoh ko’rib
Har bir yoshga tirgak bo’lay beminnat!
Shiddatla o’smoqda butun bir dunyo
Bizlar ortda qolib ketmaylik faqat!
Onajon! Bir tinglang, bu yuragimni
Kuch bermoqda menga Vatanim mexri!
Shunchaki yashama, rozimasman,deng
Meni mudratmasin so’zingiz sexri!
Onajon!
Vatanim!
Yashay toabad!
Sening xizmatingga shaydirman deya.
Xoinlik ters bo’lsin menga abadiy
Nafas olay har vaqt sadoqat ila!
2000 yil
(“Bir gul tarixi” she’riy toplamidan.2003.Farg’ona)